Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Sanksiyalar haqida muhim qoʻshimcha shuki — OAVlarda gapirilayotgan koʻp sanksiyalarni gʻarbiy hukumatlar emas, korxonalar qilishmoqda. Yaʼni hukumatlardan koʻra korxonalar tezroq va samaraliroq harakat qilishmoqda.
Masalan Britaniyaning BP kompaniyasi Rossiyadan chiqishini eʼlon qilganida, Rus neftini sotib olishga hech qanday hukumatni taqiqi yoʻq edi. Xuddi shunday, minglab boshqa brendlar Rossiyadan chiqishi, bu gʻarbiy hukumatlarni ishi emas — jamoatchilik ishi.
Qarang, gʻarbiy korxonalar oʻzlarini daromadlarini maksimalashtirish bilan shugʻullanishadi. Hozirgi urush vaqtida Rossiya bilan ishlash yoki Rossiyada ishlash, koʻp korxonalar uchun va ularni boshqa xaridor va investorlari uchun “xunuk” koʻrinadi. Shuning uchun, yaʼni aynan daromadlarni maksimalashtirish nuqtai nazaridan, korxonalar Rossiyadan chiqishmoqda. Oddiy misol, agar BP urush davrida Rossiya neft sohasida faoliyat olib borishni davom ettirsa, katta ehtimol bilan gʻarbdagi xaridor va jamoatchilik bosimiga qolib ketar edi, balki ularni yoqilgʻi shoxobchalariga odamlar kirmay qolar edi vhkz. Yaʼni aynan foyda/zarar nuqtai nazaridan qilingan qaror. Xuddi shunday, tez ovqatlanish shoxobchalari Rossiyada yopilganini sabablaridan biri — ularni gʻarbdagi isteʼmolchilari koʻzida xunuk koʻrinishi. Yaʼni Rossiyada ishlash shunchalik toksik boʻlib qoldiki, gʻarbiy korxona Rossiyada qolishi juda qimmatga aylandi. Qimmat degani cheksiz emas.
Ayrim gʻarbiy korxonalar Rossiyada ishlamoqda. Masalan — Schlumberger. Ular neftni qazib oluvchilarga xizmat koʻrsatishadi va qandaydir maʼnoda juda strategik kompaniya. Aynan ularni chiqishi muhim iqtisodiy shikast yetkazar edi. Lekin Netfix — Rossiyadan chiqishi, hech qanday muhim iqtisodiy taʼsir koʻrsatmaydi, bir million rossiyaliklar gʻarb kinolarini koʻrmay qoladi xolos. Nega unda schlumberger chiqmadi, Netflix esa chiqdi.
Sababi: Netflixni xaridorlari jamoatchilik, Schlumbergerni xaridorlari boshqa neft kompaniyalari. Rossiyada Schlumberger ishlashi bilan u korxonani boshqa xaridorlari juda koʻp tanqid qilishmaydi. Oddiy isteʼmolchilar esa — bunday korxona mavjudligi haqida ham tasavvurga ega emas. Aynan shu masalada hukumat sanksiyalari kerak boʻladi. Yaʼni hukumat sanksiyalarisiz koʻplab Rossiya bizneslari uchun ishlaydigan korxonalar ketishmaydi— agar gʻarbiy isteʼmolchilar ularni mijozlari boʻlmasa.
Xulosa shuki, hukumatlar, korxonalardan koʻra ancha yumshoqroq harakat qilishmoqda, buning sababi ayrim turdagi korxonalar uchun Rossiyada ishlash “juda qimmat” boʻlgani: Rossiyada ishlaydigan tamaddixonada, Varshavada kim burger yegisi keladi?” Yoki Rossiyada ishlab chiqariladigan avtomobilni kim haydaydi? Xuddi shuning uchun, bitta doʻkoni bor qimmat Fransuz kiyim magazini ham Rossiyadan chiqib ketadi — chunki Rossiyadagi foydasi, imijiga zararidan ancha kam. Qanchalik Rossiya “toksiklashib” borsa, shunchalik bu jarayon tezlashib boradi.
Aynan shunga, hukumatlar sanksiyalarni strategik sohalarda kuchaytirishi kerak boʻladi. Chunki haqiqiy strategik sohalardan gʻarbiy korxonalar chiqishi qiyin boʻladi — foyda juda koʻp. Ayniqsa gʻarbdagi jamoatchilik va isteʼmolchilar oʻsha korxonaning toʻgʻridan toʻgʻri mijozi boʻlmasa — chiqish uchun ragʻbat kamayadi. Maishiy isteʼmolchilar uchun xizmat koʻrsatadigan korxonalar chiqishi — oddiy rossiyaliklar uchun zarar, strategik emas, simvolik ahamiyatga ega. Lekin muhim strategik korxonalar ishlashni toʻxtatishi, balki, urushni tezroq tugashiga olib kelishi mumkin. Netflix ishlamasligi yoki eng katta ayollar ichki kiyimi sotuvchisi Rossiyada ishlamasligi bunday oqibatlarga olib kelmaydi.