Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Xotira va qadrlash kuni urush tarixini oʻrganishimizga va tafakkur qilishimizga bahona boʻlishi kerak.
Urush juda yomon narsa ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz, lekin dunyodagi tinchlik qanchalik zaifligini bilish uchun, nomard odamlarning egosiga bogʻliq tizimlar qay darajada vahshiyliklarga qodir ekanligini oʻrganishni oʻzi yetarli. Lekin bu haqida yozmoqchi emasman.
Bu urush oxirgi yillarda keragidan ortiq siyosatlashtirilib yuborildi, ayniqsa hozirgi Rossiyada bu urushni tarixini bir tomonlama tahlil qilish kuchayib ketdi, va bu urush, afsuski, qandaydir maʼnoda yangi Rossiya hukumatining asosiy ideologik ramziga aylanib qoldi. Siyosatshunoslarda bunday narsalarni millat tashkil qiladigan hodisa deyishadi. Masalan Fransiya jumhuriyati uchun bu 1799 yildagi Fransuz inqilobi, boʻlsa, AQShda bunday “millat yaratuvchi hodisa” bu mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilinishi hisoblanadi. Lekin Rossiya hukumati Sobiq Ittifoqdan chiqish kuni, yaʼni 12 iyunda nishonlanadigan “Rossiya Kuni”ni emas, aynan 9 May kuni oʻz tarixida eng muhim kun deb hisoblaydi. Menga ishonmasangiz, oʻzingiz qarang, 12 iyun va 9 may kunlarida Rossiya telekanallari va propagandistlari faolligi juda har xil boʻladi. Ular nima uchun bunday qilishayotganlari menga qorongʻi, va toʻgʻrisi, nima uchun siyosatlshtirishgani haqida o'ylanib ham o'tirmas edim.
Lekin afsuski bu kun Oʻzbekistonliklar uchun ham muhim. Birinchidan, 1939 yilda boshlangan ikkinchi jahon urushida 500 mingdan ortiq ota-bobolarimiz vafot etishgan. Bunaqangi katta judolik tariximizda boʻlmagan. Umumiy aholimiz oʻsha payt 6 million kishi edi, bu goʻdaklardan tortib yoshi ulugʻlargacha boʻlgan insonlar soni. Shundan 1.5 milliontasi urushga chaqirilgan, bu degani, xizmat yoshidan boʻlgan deyarlik har bir erkak urushda ishtirok etishiga toʻgʻri kelgan. Shunday ekan, bu kunda biz ham minglab yurtdoshlarimizni xotirasini yod etishimiz shart.
Shuning uchun ham, bu kunda, biz Oʻzbekistonliklar kamroq siyosiy propagandani eshitib, uning oʻrniga koʻproq tafakkur qilish bilan oʻtkazsak yaxshi boʻlar edi. Urush haqida menga qiziq boʻlgan kitob (psixologiya haqida ham) bu Xanna Arendtning “Yovuzlik tabiati yoxud Eyxman Quddusda (Eichmann in Jerusalem)”. Kitob eng yovuz fashist mulozimi tarixi haqida, bu kitobni oʻqib har bir inson (shu jumladan oʻzingiz ham) qanchalar yovuzlikka qodir ekanligiz haqida bilib olishingiz mumkin. Yaʼni yovuzlik, vahshiylik va zulmkorlik bu inson tabiati uchun siz oʻylaganchalik gʻayritabiiy xususiyat emasligi haqida. Boshqa rus tarixchilari, masalan, Mark Soloninni kitoblarini ham tavsiya qilgan boʻlar edim (oʻzim oʻqib boʻlmaganman, lekin oʻqishni tavsiya qilaman). Urush tarixi oʻzi juda ham qiyin masala, nima toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini aytish oson emas, shunga ham tarixchilar yozgan kitoblarda siz kutmagan narsalarni oʻqib qolsangiz, u tarixchini yomonlamaslik kerak. Bu urushni tarixi esa juda yaxshi oʻrganilgan deyish qiyin, ayniqsa, Rossiya urushga oid arxivlarni yana kamida 20 yildan keyin ochiqlashni rejalashtirilganligini hisobga olsak, ikkinchi jahon urushi haqida hali ancha narsani bilmaymiz. Lekin hozir, bilganimiz haqida oʻrgansak boʻladi.
Xullas tarix juda qiziq va qiyin narsa, bu Xotira va qadrlash kunida tarix haqida fikrlasak va o'tganlarni yodga olsak yaxshi bo'lar edi deb o'ylayman.