11K31Telegramda ochish

Iqtisodchi Kundaligi kanalidan

Davlat tashkilotlari, ayniqsa hukumat organlari “byudjetdan tashqari mablagʻlar” deyishsa, oʻqishga qiynalaman. Bu gapda muammolar bor: birinchisi, albatta, davlat tashkilotlarida hech qanday “byudjetdan tashqari mablagʻlari” mavjud emas. Yaʼni, barcha davlat tashkilotlaridagi barcha mablagʻlar jamoat mablagʻlari. Oddiy soʻzda — xalq puli yaʼni byudjet. Lekin ular har gal “byudjetdan tashqari” deganda, rostdan ham, majoziy “byudjet” soʻzini ishlatishadi, chunki “Oʻzbekiston Respublikasi byudjeti” degan iboraga, menga tushunarsiz sabablarga koʻra, barcha davlat xarajatlari kiritilmaydi va aynan shuning natijasida, ayrim davlat hokimiyat idoralari “byudjetdan emas” degan iborani qoʻllashadi. Yaʼni qandaydir maʼnoda, agar qonun harfiga qarasak ular haq boʻlishlari mumkin, lekin mohiyatan albatta nohaq. Byudjetni qaysidir qismiga “byudjet” deb nom qoʻysak, qolganiga unday nom bermasak, “byudjet” deb nomlanmagan qismi byudjetmas boʻlib qolmaydi. Bu anavi bojxona bojlarini “soliq” deb nomlamaganimiz uchun, ular soliq boʻlib qolmaydi degan gapdek narsa. Shuning uchun ham, qonunan, sudlar buni hal qilishi kerak, masalan, xalq pulini “byudjetmas” qismi boʻlishining qonuniyligi haqida menga fikr eshitish qiziq. Ikkinchi tarafdan, davlat hokimiyati idoralari oʻzlari mablagʻ topishlari ham gʻalati. Bu albatta noqonuniy boʻlishi kerak. Agar bordiyu, ular bexosdan yoki qandaydir sabablarga koʻra pul topib qoʻyishsa, barcha yigʻilgan pullarini byudjetga oʻtkazishlari qonun boʻlishi kerak. Masalan, deylik jarima orqali yigʻilgan pullar, oʻsha jarimalarni yigʻgan idoraga emas — toʻgʻri byudjetga yaʼni moliya vazirligiga oʻtishi kerak. Bu shunchalik muhim narsa-ki, davlatdan mustaqil faoliyat olib boradigan Markaziy Bank ham, agar, qandaydir operatsiyalar natijasida foyda koʻrsa, shu foydaning yuz foizini byudjetga oʻtkazishi kerak (eng mustaqil MBlar ham shunday qilishadi). Bordiku, oʻz xarajatlarini oʻsha idora moliyalashtirmoqchi boʻlsa, marhamat, byudjetga kiritib, qonuniy tarzda pulni olishsin, "byudjetdan tashqari" ishlatilayotgan pullar qomusimizning asosiy prinsiplariga zid. Shunda, menimcha davlat organlari iloji boricha pul topish degan maqsaddan voz kechadilar va byudjetdan tashqari fondga qanday qilib pul topish bilan emas, o'zlarini qonuniy masiliyat va vakolatlariga amal qilish bilan band bo'ladilar. Uchinchi masala, davlat korxonalari ham, idealda, kvazifiskal (byudjet-soliq siyosatini oʻrnini bosuvchi) ishlar qilmasligi kerak. Masalan davlat korxonasi qandaydir park qurishi, kutubxona, mehmonxona qurishi, yoki sport klubiga pul berishi yoki hatto nogiron bolalar uchun oromgoh qurishi ham albatta katta xato. Bejiz emas bizda byudjet qonunlari bor. Bejiz emas, byudjetni xalq vakillari koʻrib chiqadi va prezident tasdiqlaydi. Xalq pulini taqsimlash shaffof va odil boʻlishi uchun bizda qonuniy mexanizmlar mavjud. Lekin davlat korxonasi qaysidir koʻchada truba alishtirishi, bu mavjud boʻlgan qonuniy prinsiplardan chetlanib, davlat va hukumatning, eng muhimi byudjetni taqsimlash uchun yagona davlat idorasi — qonunchilik palatasining vakolatlarini korxona rahbariyatiga berishga tenglashib qoladi. Davlat korxonasi topgan foyda — uning aksioneri yaʼni xalqniki, demak xalqni pulidek taqsimlanishi ham kerak. Korxona rahbariyati bu ishni qilishi, butun boshli davlat apparatini oʻrnini bosishdek gap. Bu yaxshi emas. Xuddi davlat soliq qoʻmitasi, yigʻgan soliqlarni oʻzlari xohlagan joyga taqsimlamasliklari kabi, davlat korxonalari ham, topgan foydalarini “fiskal maqsadlarda” yaʼni no tijoriy maqsadlarda sarf etishlari albatta tugatilishi kerak.

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin