Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida bundan oldin ham yozganman, hozir ham fikrim oʻzgarmadi. Bu ittifoq iqtisodiy emas siyosiy. U ittifoqqa kirish sabablari ham albatta siyosiy.
4 oktryabrda yozganim. (postni tushunish uchun 4 oktyabrda yozganimni o'qish kerak)
Oxirgi payt ittifoqqa kirish yoki kirmaslikning afzallik va kamchiliklari haqida juda koʻp maqolalar oʻqidim, oʻsha 4 oktyabr kuni yozganim paytdagi gapga asosan aksariyat maqolalarda xato tahlil qilinyapti. Xuddi-ki bu iqtisodiy hisob kitob orqali qabul qilinishi kerak boʻlgan qaror.
Birinchi mif bu muhojirlarimizni hayoti osonlashishi haqida, va kelajakda ittifoqqa kirsak ular patent toʻlamasliklari haqida. Qarang, patent — yaʼni Rossiya Federatsiyasida ishlash uchun pul toʻlash tizimi 2014 yilni oxiri/2015 yilni boshida tashkil etilgan.
Xuddi shu yili, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tuzilgan, va Rossiya taklifiga koʻra, ittifoqqa aʼzo mamlakatlar patent toʻlashi shart emas deb kelishilgan. Shu kelishuvga koʻra, patent toʻlash kerak mamlakatlar atigi 6ta qolgan: Abxaziya, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston, Oʻzbekiston va Ukraina.
Demoqchimanki, patent tizimi tashkil qilinishining asosiy maqsadi, ittifoqqa aʼzo boʻlmagan mamlakatlarni shu ittifoqqa qoʻshilishi uchun bosim oʻtkazish. Bundan oldin ham adashmasam “Ular”dagi intervyuda aytgan edim, patent tizimi bu tabiat qonuni emas, agar Rossiya xohlasa, ertagayoq patent tizimini Oʻzbekiston fuqarolariga bekor qilishi mumkin. Chunki, patent tizimi tashkil etilishining asl sababi ham siyosiy muzokaralarda ishlatish uchun vosita boʻlgan.
Ikkinchi sababi deb, savdo erkinlashuvini koʻrsatishmoqda. Bu ham iqtisodchi uchun gʻayritabiiy bir argument. Birinchidan, Oʻzbekiston MDH mamlakatlari ortasidagi erkin savdo kelishuviga aʼzo. Yaʼni savdo bundan erkinroq boʻlishi qiyinroq.
Lekin hoʻp, mayli, ittifoqni ichida baryerlar MDH kelishuvidan ham kamroq desangiz, buni yechimi oddiy, Oʻzbekiston bir taraflama baryerlarni qisqartira oladi, yaʼni hozirni oʻzida, butun dunyo mamlakatlaridan import qilinadigan tovarlarga baryerlarni olib tashlashimiz mumkin, buning uchun qaysidir ittifoqqa aʼzo boʻlishimiz shart emas (aslida shunday qilsak yaxshi boʻlar edi, nafaqat ittifoq bilan balki butun dunyo bilan savdoni erkinlashtirishimiz zarur).
Endi ittifoq bizni eksportimizga toʻsiqlar qoʻyishi mumkin degan xulosaga qoʻshilmagan boʻlar edim, ayniqsa hozir. Rossiya hozirni oʻzida butun Yevropa va AQShdan oziq ovqatni ololmaydi (kontr sanksiyalar), va biz ularga qiladigan eksport aynan oziq ovqat boʻlgani uchun (shu yerda GM eksport raqamlari kerak emas), ittifoq aʼzolari bizni tovarlardan voz kechishi ehtimoli nihoyatda past, chunki ularga yetkazib beruvchi mamlakatlar roʻyxati juda qisqarib ketadi. Boz ustiga, juda muhim narsa, biz MDH erkin savdo kelishuvi aʼzosimiz, yaʼni qonunan, ular bizni eksportga cheklovlarni hozir ham qoʻya olishmaydi. Lekin siz aytishingiz mumkin, kelishuvda bizda erkin savdo, lekin shunga qaramay Rossiya bizni tovarlarga cheklov qoʻyyapti deb. Toʻgʻri, kelishuvlarga qaramasdan, de-fakto sanitariya va boshqa bahonalar bilan bizni eksportchilarimizga toʻsiqlar qoʻyilyapti. Agar kelishuvga qaramasdan ular shunday qilishayotganini bilsangiz, unda, nima uchun yangi kelishuv talablarini ular bu safar to'liq amal qilishiga umid qilyapsiz?
Xullas, xulosa shuki, ittifoqqa kirish siyosatchilar hal qiladigan, va faqatgina siyosiy hisob kitoblar orqali hal qilinadigan narsa. Shuning uchun ham, deputatlar va tahlilchilar bu kelishuvlarga qandaydir iqtisodiy tus berishini notoʻgʻri deb bilaman. Kanal obunachilarini YoIIga kirishimizga oid maʼnoga ega emas turli xil iqtisodiy tahlillarini oʻqimaslikka chaqirgan boʻlar edim va toʻgʻrisini aytsam, ittifoq toʻgʻrisida siyosatshunoslarni fikrini eshitmoqchiman.
Bizni xalq vakillarimiz, yaʼni deputatlarimiz kirish va kirmaslikka oid fikrlarini iqtisodiy emas, siyosiy sabablarini asoslab berishlarini xohlar edim, chunki iqtisodiy sabablari yoʻqligi ayon.
P.S. Diqqat bilan o'qigan bo'lsangiz, men kirish yoki kirmaslik haqida fikr aytmadim.
- https://telegra.ph/file/25f061c9bc1f544759692.jpgtelegra.ph
- https://t.me/iqtisodchi_kundaligi/455@iqtisodchi_kundaligi
- https://rg.ru/2014/11/12/duma-patenti.htmlrg.ru
- https://ria.ru/20140529/1009667833.htmlria.ru