12K53Telegramda ochish

Iqtisodchi Kundaligi kanalidan

Bakirov (@the_bankiroff) Oʻzbekistonda konvertatsiyani toʻxtatilishi qiyin ahvolda, ikki yomon tanlov orasida qabul qilingan qaror deb yozibdilar. Bu fikr notoʻgʻri. Konvertatsiyani cheklash va taqiqlash masalasi mutlaq johil, oʻlchanmagan, noqonuniy va iqtisodiyot uchun kulfatli qarorlardan boʻlgan. Bakirov keltirib oʻtgan faktlar hammasi toʻgʻri ekanligida shubha yoʻq, lekin ularning xulosasi xato. Xulosa uchun narx muvozanat orqali belgilanmasligiga ishonishga toʻgʻri keladi. Toʻgʻri, sovet ittifoqidagi iqtisodchilar, jumladan Gosplanda faoliyat olib borgan sobiq prezident Karimov ham aynan Bakirov yozganidek fikrlagan boʻlishi ehtimoli yoʻq emas. Axir sovet iqtisodiy falsafasi haqida yozadigan rus iqtisodchilar ham, bir fikrdan “sovet davrida iqtisodiyot kitobini koʻtargan odam muvozanatni bilmaydi” degan xulosalar ham qilishgan. Yaʼni Bakirovning asosiy argumenti, dollarning taklifi maʼlum sabablarga koʻra keskin tushishidir, taklif tushsa — narx qimmatlashi kerak. Lekin qimmatlash darajasi talabni elastikligiga bogʻliq. Importga boʻlgan talab nihoyatda elastik boʻlgani sababli, taklifni keskin pasayishi, Bakirov aytgan va katta ehtimol bilan Karimov qoʻrqqan narsaga olib kelmas edi. Ikkinchidan, hali aniq emaski, shunday boʻlishi sanoatga salbiy taʼsir koʻrsatar edi. Balki teskarisidir, katta ehtimol bilan, dollarning qimmatligi, mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun katta ragʻbat boʻlishi mumkin edi. Aslida esa teskarisi boʻldi: sunʼiy ravishda arzon ushlab turiladigan dollar tufayli, eng samarasiz davlat gʻoyalari, jumladan avtomobil zavodi ham ishlashi mumkin boʻlgandek boʻldi. Yaʼni davlat sanoati uchun, arzon dollar butun bozordagi samaradorlik signallarini notoʻgʻri koʻrsatdi, lekin konvertatsiya yopiqligi sababli, xususiy sanoat umuman qad ham koʻtara olmadi. Oʻzi umuman olganda, ixtiyoriy narsani sunʼiy ravishda arzonlashtirishga urinish — qip qizil tentaklik. Bilamiz agar talab boʻlsa, narxni ʼarzonʼ ushlash defitsitiga olib keladi. Dollar ham bu bir tovar. Agar bozorda kartoshkani narxini arzonlashtirilsa nima boʻladi? Defitsit boʻladi. Dollarni ham shunday defitsitga olib kelishdi. Lekin kartoshkadan farqli oʻlaroq, dollarga boʻlgan talab elastik: kartoshkani narxi qimmatlashsa, deyarli kamroq isteʼmol qilmaymiz, dollar qimmatlasa — kamroq sotib olamiz. Menimcha bu narsada ham men Bakirovni fikrini oʻzgartirishim talab etilmaydi, axir u koʻplab marta goʻshtni narxini arzonlashtirishga urinish yoki uyni narxini arzonlashtirishga davlat tomonidan urinishlarni tentaklik ekanini aytgan. Aytmoqchi boʻlganim, xuddi goʻsht va kvartiradek, dollarni narxini ham sunʼiy tushirish — tentaklik va johillik edi. Xatolar orasidagi tanlov emas edi. Boshqa tarafdan, bunday johil va xato yechim koʻp yillar mamlakat rivojiga toʻgʻon boʻlib keldi. Dollarni davlat narxi va haqiqiy narxi orasidagi farq ikki barobargacha koʻtarilib ketdi. Buning natijasida, “davlat dollariga” yoki oʻsha “imtiyozli dollarga” yaqin odamlar milliardlab dollar ishlashdi. Ular shu pullarni ishlashayotgani uchun, shunday status-kvo saqlanib qolishi uchun katta mablagʻ va siyosiy kuch ishlatishga ham tayyor edilar. Natijada 20 yildan koʻp, aholi va iqtisodiyot qashshoqlashdi, lekin tor doiralar shu farqda ancha koʻp pul ishlashdi. Yana bir tarafi, buning qonuniyligi. Hech kimga sir emas, bu qaror deyarli bir shaxs tomonidan qilingan edi. Bu albatta qomusimizga ikki taraflama zid. Birinchidan, konstitusiyada bizni mamlakatimiz bozor iqtisodiyoti prinsiplari asosiga qurilishi belgilangan. Davlat bunchalik valytuni nazorat qilishi — albatta oʻsha prinsiplarga teskari. Ikkinchisi esa, bir inson, shuncha yillar davomida mamlakatga va jamiyatga putur yetkazadigan qarorlar qabul qila olishini oʻzida. Hozir men nafaqat Markaziy Bank mustaqilligi haqida aytyapman, umuman olganda bunchalar dahshatli zarar keltiradigan vakolat boʻlishi haqida oʻylashimiz kerak deb oʻylayman.

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin