Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Tarixchi Galeevdan Ukraina haqida juda yaxshi tred chiqibdi. Menga bu tredda bir ikki fikrlar tanish koʻrindi va shaxsan oʻzim buni guvohi boʻlgan edim, ammo Komil akadek yaxshi ifodalay olmagan edim.
Sobiq ittifoqdan chiqqan mamlakatlarda, oxirgi 15 yilda, Rossiyaga va uning tashqi siyosatiga nisbatan munosabatni ijtimoiy iyerarxik bir koʻrinishi mavjud. Galeevga koʻra, Ukraina va Belorussiyada Rossiyani siyosatini oqlovchilar ichida, “oddiy” odamlar koʻproq edi: shaxterlar, ishchilar va eng muhimi qonun muhofaza qiluvchilar. Yaʼni oʻqigan va yuqori malakali insonlar ichida, ular rusiyzabon boʻlsa ham, Rossiyani qoʻllovchilari ancha kam. Ukraina sharqida Rossiyani qoʻllovchilari oddiy xalq ichida mavjud boʻlsa-da, madaniy, ilmiy yoki hatto tijoriy elita ichida deyarli yoʻq edi.
Balki shuning uchun Kiyev shahridagi Rossiyaga munosabat juda qiziq — shahar aholisi deyarli butunlay ruscha gaplashsa ham, Rossiya siyosatini qoʻllovchilari eng kam shahar, nimaga? Chunki ziyolilar va intellegentsiya, tabiiyki Kiyevda jamlangan. Yaʼni boʻlayotgan voqeani ijtimoiy iyerarxik nazari, bu narsalarni tushunishda yordam beradi.
Aytmoqchi, Galeev aytayotgan ijtimoiy iyerarxik nazar nafaqat Kiyev yoki Minsk haqida bizga tushuntirish bera oladi. Menimcha, boshqa shaharlarda ham bu misollar mavjud: masalan Olma-otada ham, qozoq ziyolilar toʻliq rusiyzabon boʻlsalar-da, Rossiyaga munosabatda, oʻrtacha odamdan ancha keskinroq fikr bildirishlari ham eʼtiborga loyiq. Yaʼni rus madaniyati va rus siyosatini eng yaxshi biladigan ziyoli qatlam, Ozarbayjonda ham, Qozogʻistonda ham, Armanistonda ham va tabiiyki Ukraina va Belorusda ham Rossiya siyosatini tarafdorlari emaslar. Yana qaytaraman, sabablari menga ayon emas. Lekin shu kuzatuvlar bu ikki narsa orasida qandaydir bogʻliqlik borligi haqida aytayotgan boʻlishi mumkin. Tredda bu narsa sal yoritilgan ham.
Galeev keyin qiziq savollar bermoqda, hoʻp, “oddiy” odamlar Ruslarni qoʻllasa, lekin ziyolilar qarshi boʻlsa, kimni aytgani boʻlishi kerak? Kimlarga nisbatan “xalq” yoki “millat” so’zlari qo’llasa bo’ladi? Va nimaga? Shu savol va undan keyingi xulosalarni oʻzingiz oʻqisangiz boʻladi.
Menga bu mulohazada qiziq boʻlgani, nima uchun Ukrainaning huquq-tartibot guruhlari juda ham Rossiya tomon boʻlishi qiziq. Esingizda boʻlsa, Qrim prokurori ham ruslar tarafiga oʻtgan edi, xuddi shunday, hatto Kiyevdagi ichki ishlar vazirligi spetsnazi ham, Rossiya tarafdori ekanligini yashirmagan edi. Lekin Ukrain armiyasi, politsiya va huquq-tartibotdan farqli oʻlaroq unday qilmadi. Bu savolga menda javob yoʻq. Lekin oʻzi umuman, aynan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning oʻz bayroqlarini tez oʻzgartirishi, Rossiyaga boʻlgan simpatiyasi yuqoriligi, shaxsan menga, oʻrganilmagan fenomen boʻlib tuyulmoqda.