Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Men oxirgi payt shunga amin bo’lyapmanki, Rossiya propagandasini birinchi qurboni - Rossiya hukumati bo’ldi.
Bu urush shuni yana bir bor ko’rsatdiki, OAVni siqib chiqarish va so’z erkinligiga qilingan taqiqlar - birinchi o’rinda shu taqiqni qilganlarga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Ular o’ylaydiki - xalq uchun propaganda va senzuralangan axborot berilsa, qaror qabul qiluvchilarga “sirli papkalarda” to’g’ri axborot berilsa - yetarli. Shaxsiy suhbatlarda “xalq hamma narsani bilishi shart emas” - degan gaplarni aytishadi.
Aslida unday emasligiga mingta dalil bor yana birini ko’rdik. Aldab qilingan ma’lumot va axborot, uni ishlab chiqarganlarni ko’zini ko’r qiladi va qaror qabul qilish sifatini tushuradi. Propaganda teskari tomonga ishlaydi.
Chernobil AES portlaganida, Sovet hukumati qanchalik axborot cheklanishini qurboni bo’lgan bo’lsa, bugungi urushda Rus hukumati, qurolli kuchlari va eng muhimi maxsus xavfsizlik xizmatlari - hozirgi urushda axborot yetarli va to’g’ri emasligiqurboni bo’lishdi.
So’z erkinligi yo’q jamiyatda, “sirli papkalarda” ularni o’qiydiganlar nimani xohlasa - o’shani yozib berishadi. Mustaqil axborot kanali bo’lmasa - papkalar buyuruvchi talabi uchun yoziladi.
O’zbek tarixida misollar bor. Masalan, 2017 yildan oldingi inflyatsiya va ishsizlik raqamlari to’liq chizilar edi. Lekin eng qizig’i shundaki, hatto “sirli” papkalarda ham real raqamlarni bilishmas edi. Ya’ni mamlakatda biror odam asl inflyatsiya va ishsizlik darajasidan bexabar edi.
Axborotni soxtalash - tahlil sifatsizligiga olib keladi. Shu narsani axborotni cheklamoqchi bo’lganlar doim unutishadi.