Uzbekonomics kanalidan
Oxirgi paytlarda bir narsaga ahamiyat berdim. Ayrim korxonalar yoki jismoniy shaxslarning salbiy faoliyatini ba’zilar “mana, kapitalizmning oqibati”, yoki “axir bu kapitalizmku” deb tasvirlab xato qilmoqdalar. Kapitalizm va bozor iqtisodiyoti haqida aksariyat insonlarda noto’g’ri tushuncha bor. Miflardan biri (davomi bor):
Kapitalizm - faqat biznes uchun ishlaydi deyish umuman xato.
Aksincha, bizneslar kapitalizmni umuman yoqtirmaydilar, ba’zilari hatto nafratlanadilar ham. Kapitalizmdan eng birinchi va katta naf ko’radigan taraf iste’molchi bo’lishi kerak.
Chunki, kapitalizmning asosiy mexanizmi bu bizneslarning tinimsiz o’zaro erkin raqobatda bo’lishi, va natijada bundan iste’molchilar yutishidadir (tanlov, arzon narx va yuqori sifar). Ya’ni, biznes doimo o’z ustida ishlashi, mahsulot tannarxini tushirish va samarali bolishga harakat qilishi bu faqat va faqat erkin raqobatning mahsulidir. Tabiiyki, bunday sharoitda ba’zi bizneslar bozorda qandaydir ustunlik olish uchun davlatga, siyosiy richaglar orqali bosim o’tkazadi, turli imtiyozlar, tariflar, subsidiyalar so’raydi, biz bilgan assosatsiyalar tuzadi, bozorga yangi ishtirokchilar kirib kelishiga to’sqinlik qiladilar va hatto manfaatlar to'qnashuvi bo’lishiga qaramay o’zlariga moslab qonunlarni yozdirib oladilar. Qarabsizki, bunday holatda iste’molchi zarar ko’radi, bozorning boshqa ishtirokchilari ham.
Kapitalizm degan so’zni men uncha yoqtirmayman, keling, bozor iqtisodiyoti va erkin raqobat printsiplariga asoslangan tizim deylik.
Bu tizimda betartiblik bo’lmaydi, ya’ni kapitalizm degani har qanday korxona foyda ketidan quvib hohlagan narxni osmondan olib qo’ymaydi - chunki erkin raqobat bor va monopoliyaga qarshi qonunlarni va harakatlarni tartibga soladigan mustaqil idora bo’ladi; bu tizimda agar ikki biznes to’qnashib o’zaro tushunmovchilikga duch kelsalar, nizolarni mustaqil sud tartibga soladi, qaysidir taraf siyosiy aloqasi yoki qarindoshi tufayli ustun kelmaydi. Bundan tashqari, tizimda agar biznes g'ayrioddiy amaliyot va firibgarlik bilan shug’ullansa u nafaqat qonun balki bozor tomonidan muqarrar jazoga duch keladi, va iste’molchida tanlov huquqi bo’ladi.
Xullas, qonun ustuvorligi bo’lmagan mamlakatda (Tanzaniyada masalan) kapitalizm, va bozor iqtisodiyoti to’liq ishlamaydi. Shuning uchun ba’zi narsalarni kapitalizm deb emas balki banditizm deb atasa to’g’riroq bo’ladi.
@uzbekonomics
- https://worldjusticeproject.org/rule-of-law-index/global/2020worldjusticeproject.org