Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Vaksinani tez tarqatilishi
Bilasiz, dunyoda vaksina qilish allaqachon boshlangan, aksar rivojlangan mamlakatlar aholining maʼlum foizini emlashga ulgurishgan. Hatto rivojlanayotgan mamlakatlar, daromadlari biznikiga yaqin boʻlgan mamlakatlarda ham, vaksinatsiya shiddatli tezlikda davom etmoqda.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda mablagʻlari yetmasligi muammosini hal qilishda, rivojlangan mamlakatlar hatto tekinga vaksinani tarqatmoqdalar. Jumladan, Oʻzbekistonliklar uchun ham COVAX dasturi asosida 660 mingta AstraZeneca vaksinalarini tekinga berishdi.
Lekin afsuski, menga nomaʼlum sabablarga koʻra, bizda hali ommaviy emlash boshlanmadi. Bunday kechikishni ancha ayanchli deb oʻylayman. Menimcha, ixtiyoriy rivojlangan mamlakatlarda ruxsat berilgan vaksinaga biz ham zudlik bilan ruxsat berishimiz kerak va emlashni boshlashimiz kerak.
AQShda vaksinalar xavfsizligi va samaradorligini tekshiradigan agentlik — FDAni byudjeti 5.8 milliard dollar — Oʻzbekiston respublikasi byudjetini uchdan biridan sal koʻproq. Agar ular qandaydir vaksinani xavfsiz va samarador deb topgan boʻlsalar, vaqt va pul sarf qilib, bor narsani yana bir marta tekshirishimiz maqsadga muvofiq emas. Xuddi shunday, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Isroil yoki Singapurda xavfsiz deb topilgan barcha vaksinalarga zudlik bilan ruxsat berilishi kerak boʻladi. Ommaviy emlashga kech qolish, potensial salbiy tomonlari juda koʻp — eng kamida minglab odamning hayotlari.
Umuman olganda, dori va boshqa vositalarni tekshirishga nisbatan falsafamiz oʻzgarishi kerak. Agar ixtiyoriy rivojlangan mamlakatda qaysidir dori yoki oziq-ovqat, yoki gigiyena mahsuloti ruxsat etilgan boʻlsa, uni qaytadan tekshirishimiz xato. Gruziyada qilingan muhim islohotlardan biri ham shu boʻlgan: litsenziyalash va standartlashda ular aynan shu yoʻlni tutishgan — qaysidir boy mamlakatda ruxsat boʻlsa, velosipedni qaytadan ixtiro qilishmagan. Koʻp dorilarni va vaksinalarni samaradorligini tekshirish uchun ancha vaqt va millionlab dollar kerak boʻladi. Agar bordiyu oʻrnimizga buni boshqa mamlakat soliq toʻlovchilari qilib berishsa, ularga rahmat aytib biz ham ruxsat etishimiz darkor.
Xullas vaksinalar haqida: birinchidan, ommaviy vaksinatsiyani zudlik bilan boshlab, barcha rivojlangan mamlakatlarda ruxsat etilgan vaksinalar bilan emlashga yoʻl qoʻyish kerak.
Ikkinchidan, tijoriy vaksinalarni ham ruxsat etish kerak. Kimdir navbat kutishni istamasa, pul toʻlab vaksina olishga haqqi boʻlishi kerak. Pullik boʻlsa, tijoratchilar vaksinalarni olib kelishadi va bozor yaratishadi. Pullik vaksina qilishga tayyor odamlarga tekinga vaksina qilib o'tirmaymiz. Muhimi - pulga vaksina qilgan odamlar jamiyatga foyda keltirishadi: ular boshqalarga yuqturish ehtimollari ham kamroq, ya'ni vaksina nafaqat ularni o'zlariga foyda, balki jamiyatga ham foyda.
Uchinchidan, vaksinalarni kechiktirish potensial ravishda yuzlab odamlarning hayotiga xavf deb baholanishi kerak. Balki emlashni bugun boshlash kechdir, lekin nima uchun ertaga boshlamasligimiz kerak degan savol bor. Axir har bir kechkitrigan kunimiz bizga zarar.
Toʻrtinchidan, emlash albatta ixtiyoriy boʻlishi kerak. Emlash qanchalik ommaviy sogʻliq uchun muhim ekanligini aytish va targʻib qilishimiz ham kerak.