15K71Telegramda ochish

Iqtisodchi Kundaligi kanalidan

Konstitutsiyaga oʻzgarishlar va mantiq. Zamonamizning afsuski haligacha unchalik taniqli bo’lmagan reperi — Shaka, konstitutsiyaga oʻzgarish kiritishga oʻz takliflarini beribdi, ulardan biri “nafaqat soʻz erkinligi, balki ijod erkinligi ham”. Shakaning fikrlash falsafasi afsuski juda koʻp kuzatilmoqda va bunday fikrlash xatoligi haqida yozmoqchiman. Toʻgʻrirogʻi, men oʻqigan barcha takliflar, “Shakaning modeli”dek qurilgan. Haqlar va erkinliklarni toraytirilib talqin qilish — konstitutsiyaviy masala emas, agar buni konstitutsiyani oʻzida yoki talqinida adekvat inson tomonidan qamrab olinish imkoni boʻlsa, buni boshidan aytish zaruriyati yoʻq. Masalan, bizda barcha fuqarolarga soʻz erkinligi huquqi berilgan. Bu bilan, soʻzni barcha ifodasi qamrab olinadi. Ham elektron variantda, ham bosma vhkz. Demak “ijodni” ham barcha koʻrinishlari bu narsani oʻz ichiga oladi. Chunki “ijod” degani “soʻz”ni yoki fikrni ifoda qilish ham. Matematikada “to’plamlar” degan g’oya bor, qamrab olingan to’plamni ichidagi boshqa to’plamni tanlab unga yana bir bor o’sha xususiyatni bersangiz, hech narsa o’zgarmaydi - mantiqiy xato xolos. Bizda nafaqat soʻz erkinligi balki insoning yashash huquqi ham konstitutsiyaviy huquq, endi agar men “yashash bilan birga nafas olish huquqi” haqida taklif bersam, gʻalati eshitiladi, axir yashash uchun shartlardan biri — nafas olish. Xuddi shunday, aytib oʻtilingan huquqlarni qaytadan aniqlashtirib aytish menga konstitutsiyani zaiflashtiruvchi omillardek koʻrinmoqda. Eng kamida asosiy qomusdan chalgʻituvchi gʻoyalar. Yashash huquqiga qaytsak va quyidagi taklif bersak: “barcha fuqarolar yashash huquqiga ega, shu jumladan, boshida sochi yoʻq fuqarolar — tepakallar ham shu huquqiga ega boʻlsinlar”. Bu jumla sizga gʻalati eshitilyaptimi? Menga ham. Nega? Chunki aytib oʻtilgan narsani toraytirish — konstitutsion masala emas. Hatto bizni kontinental huquqqa oʻxshagan sharoitda ham, bu konstitutsiyaviy masala emas. Yaʼni konstitutsiyada qanday haq yoki erkinlik berilganini aniqlashtirish oʻta ketgan anglashmovchilikni olib keladigan jumlalarga qoʻllanilsa — mantiq topsa boʻladi. Lekin masalan, Shakani misolida ham, men oʻylab topgan mantiqsiz misolda ham bu shart emas — chunki ixtiyoriy sudya bu narsani talqinida adashmaydi. Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar, meni nazdimda mohiyat haqida boʻlishi kerak. Bizga yoqadigan narsalarni konstitutsiyaga ham yozib chiqish — qomusni asosiy maqsadidan chalkashtiradi. Ota-onani hurmat qilishni yoki qotillik qilgan insonga jazo belgilash kerakligini ham konstitutsiyaga yozmaymiz — bu narsalar muhim boʻlmagani uchun emas — bu narsalarni konstitutsiyaga aloqasi yoʻqligi uchun. Qaytaraman, konstitutsiya bu “biz yaxshi koʻrgan gʻoyalar toʻplami” emas. Sunʼiy va haqiqiy konstitutsiyalar, menimcha shunisi bilan farq qiladi. Bizni konstitutsiya haqiqiy boʻlishi uchun, uni nega yozilganiga qaytishimiz kerak. Bu kanalda koʻp yozganimdek — konstitutsiyani maqsadi — tiraniyani oldini olish va yoʻl qoʻymaslik. Eng qaltis tiraniya bu davlatni insonga nisbatan tiraniyasi (Shimoliy Koreya), ikkinchi tiraniya esa — koʻpchilikni kamchilikka boʻlgan tiraniyasi (Afgʻoniston, Yaman, Somali). Yaʼni konstitutsiya insonni — ham jamiyat va muhimi, ham davlat zulmidan muhofaza qilishni oldini oladigan vosita, instrument boʻlib oʻylab topilgan va uni ishlatadigan mamlakatlarda shunday boʻlib ishlamoqda. Shu instrumentni davlat zulmiga qarshi eng kerakli konstitutsion shakli — hokimiyatlar boʻlinishini boʻlsa, jamiyat zulmiga qarshi konstitutsion shakl — reprezentativ demokratiya. Aynan shu tenglamadan sud va parlament kelib chiqadi. Xullas, Shakani gaplariga qoʻshilsam-da (ijod erkinligi hammaga kerak!), konstitutsiyani oʻzgartirish — xohishlarimizni yana bir qogʻozda aks ettirish emas, tiraniyaga yoʻl qoʻymaslik haqida boʻlishi kerak.

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin