3955Telegramda ochish

Iqtisodchi Kundaligi kanalidan

Menga tashqi qarzi haqida jamiyatdagi fikr bildirishlar juda yoqyapti. Bunday ijtimoiy mulohaza va fikrlarning natijasida, shoyadki davlat moliyasi va moliyaning taqsimlanish qarorlari shaffoflashib qoladi. Yaʼni tashqi qarz ishlatilishini shaffoflikka chaqirilishi — kelajakda davlat moliyasini ochiqlanishiga olib keladi degan umidim bor. Kelajakda balki davlat moliyasini taqsimlanishi va nazorati Parlamentga oʻtishi, va qonun chiqarish hokimiyati oʻzini asosiy funksiyalarini bajarishi haqida ham orzularim yoʻq emas. Aslida xalq pulini ishlatilishi, davlat byudjetidagi mablagʻlar boʻladimi, byudjetdan tashqari qator fondlardagi mablagʻlar boʻladimi, yoki davlat idoralari va korxonalarini pullari boʻladimi — mutlaqo ochiq boʻlishi kerak. Bu masalada istisnolar boʻlmasligi kerak. Yaʼni har bir davlat hisobidan qilingan xarid — oyliklardan tortib, korxona ofislari uchun olingan ruchkalargacha ochiq boʻlishi kerak. Lekin koʻrib turganimizdek, davlat moliyasi hali bunchalik ochiq emas. Bu maʼlumotlarni maʼmuriy nuqta nazardan ochiqlash juda oson, siyosiy qara boʻlsa boʻldi. Chunki hozirni oʻzida davlat hisobidan ishlatilgan har bir soʻm uchun javobgarlik mavjud, yaʼni hatto hozir ham, qonunga binoan, davlat tashkilotlari oʻzlarining xarajat va tushumlarini bandma-band yozib kelishi shart. Bu raqamlarni moliya vazirligi va hisob palatasidan tortib, prokuraturagacha tekshiradigan vakolatli idoralar ham bor. Yaʼni agar bir tashkilot ming dollarlik ruchkalar xarid qilsa, nazariya boʻyicha, buni nazorat tashkilotlari topishi mumkin. Men aytayotganim esa, agar maʼlumotlar ochiqlansa, bu nazoratni faqatgina vakolatli tashkilotlar emas, 30 millionlik xalq ham qila oladigan boʻladi. Masalan, shubhali xaridlarni tez topib olish imkoniyati boʻladi. Eng muhimi: ochiq maʼlumotlar borligi, korrupsiya uchun imkoniyatlarni kamaytiradi. Chunki korrupsiyaga yoʻl urgan davlat xodimi, kelgan nazoratchi bilan kelishish imkoni bor, lekin butun xalq bilan kelisha olmaydi. Shu kelisha olmaganini bilib ham, xalq puliga nisbatan ehtiyotkorroq boʻladi. Xulosa shuki, mavjud boʻlgan ichki qogʻozlarni jamiyat uchun ochiqlash kerak xolos. Bundan tashqari raqamli iqtisodiyot yilida, davlatning har bir tiyingacha boʻlgan xarajatlarini raqamlashtirib, omma koʻra oladigan baza yaratish menimcha maqsadga muvofiq boʻlar edi. Koʻp mamlakatlarda bu bor. AQShda masalan, harbiylar uchun olingan stakanlarni narxi haqida munozaralarni oʻqib turish mumkin, axir harbiylar ham har bir ishlatgan tiyini haqida jamiyatga aytishi shart. Endi tashqi qarzni bunga nima aloqasi bor? Aloqa shundaki, davlat moliyasini kelib chiqishi manbasi bitta — xalq toʻlaydigan soliqlar. Qarz bu biz kelajakda toʻlaydigan soliqlar xolos. Shuning uchun, moliyani shaffoflash ham hozirgi, ham boʻlajak soliqlarimiz qayerga ishlatilgani haqida maʼlumot beradi. Qarzga qurilgan ijtimoiy bino uchun biz kelajakdagi soliqlardan toʻlaymiz. Lekin bu yili yigʻilgan soliqlardan esa, xavfsizligimizni taʼminlaydigan politsiyachining va harbiyning oyliklarini toʻlaymiz. Shuning uchun ham qarz hisobidan ishlatilgan pullar qanchalik shaffof boʻlsa, bu kelajak soliqlarimiz qayerga ketgani haqida maʼlumot boʻladi. Kelajakdagi soliqlarimiz qayerga ketayotgani haqida shaffoflik — hozirgi soliqlarimiz qayerga ishlatilayotgani haqida ham bilib olishga imkoniyat berishi mumkin. Shunga, tashqi qarz shaffofligini taʼminlashga qaratilgan barcha urinishlarga qoʻshilaman. Jamiyat oʻz pullari qayerga ketayotganini qanchalik yaxshi bilsa, shunchalik jamiyatdagi muzokaralar sifati oshib boradi, va muhimi, qanday maqsadlarda soliq toʻlayotganligimiz haqida gʻoyaga ega boʻlamiz. Buning bilvosita natijasida davlat ishchilari ham, har bir oʻzbekistonlikni hozirgi yoki kelajakdagi soliqlaridan daromad olayotganligi haqida tushunchaga ega boʻlishi mumkin.

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin