Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Bu videoda, 7.20 minutida Oliy Sudi sudyasi aytyapti: “hokimiyatning 2019 yil, 18 iyuldagi qarori bilan shu noqonuniy qurilmalarga egalik huquqi belgilangan”.
Yaqinda shartnomalarni ijrosi sifati haqida yozgan edim, misol tariqasida shu videoni koʻrsangiz boʻladi.
Tushunishim boʻyicha, odamlar uyni oʻzboshimchalik bilan qurib, keyin esa hokimiyatdan egalik huquqi haqida qarorlarni olishgan. Shu hodisa haqiqatdan ham shunday boʻlgan taqdirda ham, mamlakatdagi egalik haqidagi barcha qarorlarni shubha ostiga olyapti. Chunki bu yerda egalik qarori bor odamlarni uylarini buzishyapti. Balki oʻsha hokimlar insofsizlik bilan berishgandir bu qarorlarni, balki berishda qonun buzishgandir, lekin mulk nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, qaysi mulkni haqiqatdan daxlsizligi haqida ishonch hosil qilsa boʻladi? Yaʼni mulk qurilishidan oldin qaror chiqishi kerakmi? Unday boʻlsa, Sobiq Ittifoq qulaganidan keyin, davlat fuqarolarga egalik haqida qarorlar chiqarib mulk va uylarni oʻzlarini nomiga oʻtkazishga yoʻl bergan. Oʻshanda ham odamlar yashab turgan uylariga egalik qilish haqida qaror chiqqan. Ularni ham uylarini buzsa boʻladimi? Agar yoʻq boʻlsa, nechanchi yildan keyingi qarorlarga taalluqli bu amaliyot, 1994 yilmi 2014 yilmi? Bundan tashqari, hokim qarori bor degani, mulkni buzishmaydi degani emas ekan, agar odam haqiqatdan mulki buzilmasligini xohlasa unda nima qilishi kerak? Yana masalan, bu “noqonuniy” qurilgan dala hovlini sotib olgan boʻlsangiz che? Yaʼni sotib olganda siz egalik qaroriga qaraysiz, boʻlsa -olasiz, keyin bir necha yildan keyin, hokimning poraxoʻr boʻlgani uchun siz sotib olgan mulkni ham buzishligi mumkin boʻladimi? Savollar juda koʻp...
Maʼno shundaki, biz qonun ijrosida pretsendent, yaʼni bu kelajakdagi sud qarorlariga taʼsiri haqida ham fikrlashimiz kerak. Toʻgʻri, bizda kontinental qonunchilik, lekin unda ham qonunlarni talqin qilish va adolatli qaror chiqarish borasida sudyalarni vakolatlari keng.
Iqtisodiy nuqtai nazardan qarasak, Hernando De Soto, oʻz mamlakati Peruda minglab “noqonuniy” qurilgan uylarni hujjatlarini legallashtirishga ketkazgan. De Sotoning fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlarda, qariyb 9 trillion dollarlik mulk legallashmagani uchun, oʻsha yerda yashaydigan odamlar moliyaviy xizmatlardan va boshqa iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishda imkoniyatlari cheklangan. Yaʼni ular kapitallaridan foydalana olishmaydi. Oʻz kitobida De Soto, rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari, odamlarning qogʻozda “noqonuniy” boʻlgan mulklarini qora iqtisodiyotidan olib chiqishi kerakligi haqida koʻp gapirgan.
De Sotoni kitobiga havola:
https://www.amazon.com/Realizing-Property-Rights-Swiss-Human/dp/3907625250
Ruscha tarjimasi ham boʻlishi kerak.