Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Tarixiy remarka. Bu masala Rossiyaga Sovet Ittifogʻidan qolib ketgan.
Ittifoqda de-fakto ikkita hukm manbasi boʻlgan — hukumat va partiya. Toʻgʻrirogʻi birida vakolat boʻlgan (partiyada) ikkinchisida masʼuliyat boʻlgan (hukumatda). Qandaydir maʼnoda — partiya bu asl hukm manbasi boʻlgan, hukumat esa teatr edi.
Hukumat hamma narsaga masʼul, lekin hech narsaga vakolati yoʻq edi. Ixtiyoriy sohani oling, taʼlimdan xavfsizlikkacha — barcha nozir va vazirlar hukumatda boʻlgan, ular toʻgʻridan toʻgʻri oʻsha sohadagi siyosatni olib borishlari kerak boʻlgan va oʻsha sohaga qonunan masʼul boʻlishgan, lekin eng qiziq joyi — partiyasiz hech narsani hal qilishmagan. Masalan, taʼlim vaziri, partiyani taʼlim boʻyicha sekretari nima desa oʻshani qilishi kerak edi, lekin taʼlimdagi barcha narsaga taʼlim vaziri javobgar edi. Hatto taʼlim vazirini ishga qoʻyish ham, aytmoqchi, partiyaning taʼlim boʻyicha kotibining tavsiyasi orqali boʻlar edi. Taʼlim boʻyicha sekretar mamlakatdagi taʼlim sohasidagi barcha ishlar va siyosat boʻyicha eng katta vakolatga ega edi va markaziy qoʻmitaga masalani olib chiqar edi. Taʼlim vaziri esa, partiya kengashi va qoʻmitasini buyrugʻini bajarar edi. De-fakto, partiya hukumatni egallab olgan edi va parallel hokimiyat edi. Oʻsha markaziy apparatda 20-ta “otdel” — de fakto vazirlik edi.
Aytib oʻtish lozimki, sovet Ittifogʻida rasmiy davlat rahbari — partiya birinchi sekretari emas, oliy sovet prezidiumining rahbari edi. Lekin de-fakto, hamma bilar ediki, hatto ularni ulugʻlab qoʻshiq kuylagan pionerlar ham bilishar ediki, sovet ittifoqida eng muhim odam partiyaning birinchi sekretari edi.
Endi, 1991 yilda partiya tugatildi — lekin model oʻsha oʻsha qoldi. Ramziyligi ham shundaki, Moskvadagi “eski maydon” — yaʼni markaziy qoʻmita binosi — prezident administratsiyasiga aylandi xolos. Software oʻsha oʻsha qoldi. Nomi oʻzgardi xolos.
Sovet ittifoqi tugatilishidagi birinchi trikolorlar aynan markaziy qoʻmita binosini tagida hilpirashni boshlagan edi. Chunki ittifoq tugatilishidan oldin, sovet konstitutsiyasining 6-moddasi, partiyani davlat ustidan vakolatlari tugatilishi talabi edi. Ramziylik yana shundaki, aynan shu binoni partiyadan davlatga musodara qilish birinchi prezident Yeltsining birinchi qarorlaridan edi (partiya va davlat har xil institut ekanligi — haqiqiy inqilob edi).
Lekin taqdir taqozosi bilan oʻsha bino hozir prezident administratsiyasi va hali ham, xuddi 50 yil oldin kabi, aynan administratsiyada siyosat yuritiladi, hukumat esa, xuddi sovet paytidek, administratsiya nima desa, oʻshani ijro qiluvchi tashkilot boʻlib ishlab kelmoqda. Haqiqatdan software oʻzgarmadi. Lekin yangiliklarni oʻqisangiz, masʼuliyat hali ham hukumat boʻynida. Rossiyada hukumatda ishlaydiganlar yaxshi bilishadi, sohada islohot yoki siyosat boʻyicha oʻzgartirish qilishmoqchi boʻlishsa, oʻsha “eski maydon”ga borishadi, xuddi yarim asr oldingi kabi. Bundan oldin iqtisodiyot vaziri Oreshkin, vazirlikdan administratsiyaga oʻtishi ham — yuqorilash (повышение) deb eʼtirof qilingan edi. Sovetologizmni ishlatsak — sovmindan, ЦКga oʻtish bu yuqorilash edi.