Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Men koʻp narsaga optimistik qarayman. Balki naivlik dersiz. Lekin oʻylaymanki, Oʻzbekistonda hali ham islohotlarni tezlashtirish uchun imkoniyat bor — bu kelasi yili boʻladigan parlament saylovlari.
Saylovlarni oʻtishi va adolatli tashkil qilinishidan, tabiiyki bu hokimiyat boʻgʻinini kelajagi va institutsional kuchini bashorat qilsa boʻladi. Agar adolatli saylov boʻlsa, tabiiyki kuchli va xalq ishongan parlament vujudga kelishi mumkin — agar kuchli va reprezentativ parlament tashkil etilsa — jamiyat uchun eng muhim qarorlar haqida mulohazalar kam sonli OAVlar, ehtiyotkorona yozilgan bloglar, choyxona yoki oshxonalarda emas, aynan parlament devorlarini ichida gaplashilinadi, mulohaza va munozara qilinadi. Koʻp qarorlarni qabul qilish qiyin va albatta treydoflardan iborat. Lekin shu bilan birga, ularni xalq vakillari — yaʼni saylangan deputatlar qabul qilsa, ularni adolati ham, samarasi ham, yuqori boʻladi. Masalan, qancha miqdorda ijtimoiy yordam berish kerak? Kimga ijtimoiy yordam qilish kerak? Qaysi tumandagi maktabni taʼmirlash kerak? Qayerga suv oʻtkazish kerak? Bir tumanga yopiq muz saroyi kerakmi yoki suv quvurini taʼminlash kerakmi? Evaziga nima quriladi, qurilish oʻzi kerakmi? Qachon qaysi qishloqda yoʻl yamalishi kerak? Bojlar qanday koʻrinishda boʻlishi kerak? Umuman olganda — eng muhim ikki qaror: “qanday qilib xalq pulini taqsimlash ” va “qanday qilib xalqdan soliqlarni yigʻib olish kerak” xalq vakillari tomonidan qabul qilinib hukumatga amalga oshirish uchun berilsa, shaffoflik ham, samaradorlik ham, xalqni ishtiroki ham oshadi. Bu ikki savol qonun ishlab chiqishni eng muhim oʻlchovlaridan. Bu narsalarni qila olish va kelajakdagi iqtisodiy oʻsish chambarchas bogʻliq narsalar. Demak shuning uchun bizga, ijro hokimiyatidan toʻliq mustaqil boʻlgan va qolgan ikki hokimiyat boʻgʻinini tiyib tura oladigan parlament zarur. Hozir parlamentimizni oʻrni va kuchi qanday desak, javob ham bor.
Xalqaro qonuniylik indeksi — yoki “qonun ustuvorligi indeksi” mavjud. Uning eng muhim oʻlchovlaridan biri bu mamlakatdagi tiyib turuvchi institutlarni kuchi. Inglizchadan “hukumatni tiyib turadigan chegaralar” deb tarjima qilsak boʻladi. Ularni asosiy koʻrsatkichlaridan biri — ravshanki — parlament qanchalik ijro hokimiyatini tiyib turuvchi kuchga egaligi. Shu koʻrsatkich boʻyicha biz 140ta davlatni ichidan 136-oʻrini egallaganmiz. Reytingda ishtirok etuvchi atigi 4tagina davlatda bizdan ham tishsizroq parlament mavjud. Mintaqa va daromad boʻyicha qarasak ham — eng oxirgi pogʻonalardamiz. Sud hukumati kuchi boʻyicha ham, 140 tadan 114-oʻrindamiz. Aytmoqchimanki, qonun ustuvorligini taʼminlash uchun va konstitutsiyada belgilangan uch boʻgʻinlar bir biridan mustaqil va bir birini samarali cheklaydigan boʻlishi — kelajakdagi farovonligimiz va rivojlanishimizga nafaqat bogʻliq, balki oʻsha boyish yoki boyimasligimizni belgilab beruvchi asosiy faktor.
Xullas, men optimistman. Kelasi yilda mustaqil va kuchli parlament tashkil etilishi — nazariy jihatdan albatta mumkin boʻlgan narsa. Bu bloq iqtisodiy rivojlanish haqida boʻlgani uchun ham, rivojlanishni asosiy ustuini haqida yozishni lozim topdim.