Doniyor Gʻaniyev kanalidan
Kambag'allarga nisbatan diskriminatsiya emas, hamdardlik va qo'llov kerak.
Bir paytlar xorijdagi migrantlarimiz "dangasa, noshukr" deb atalib, ulardan jirkanish siyosati targ'ib qilinganiga ham guvoh bo'lganmiz. Shukrki, hozirda davlat pozitsiyasi bu borada 180 gradus o'zgargan. Bugun hatto davlat rahbari ham migrantlarni dangasa deb emas, balki zamonamiz qahramonlari sifatida e'tirof etmoqdalar.
Lekin afsuski, ba'zi fikr egalari (o'zlari bilib-bilmaymi) haliham o'tgan epohadagi kabi iqtisodiy nochor qatlamlarni kamsituvchi, ularga nisbatan noto'g'ri qarashlarni shaklantiruvchi aporofobik siyosat tarafdori ekanligini ko'rish achinarli.
Zotan, mamlakat aholisini 14 foizini (5 mln fuqaro) yoppasiga harakatsizlik, mas'uliyatsizlikda ayblab, ularni o'z sharoitlariga loyiq deb hisoblash aporofobik diskriminatsiyaning eng klassik ko'rinishi hisoblanadi.
Xavotirlisi shuki, jamiyatda bu kabi diskriminatsiya, streotiplarni shakllanishi nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy tengsizliklarni yanada kuchaytirishi, balki kambag'al aholi qatlamini "qashshoqlik tuzog'i"dan chiqib ketishini ham qiyinlashtiradi.
Xayriyatki, bu kabi jamiyatni bo'luvchi siyosiy qarashdagilar hokimiyat tepasida emas. Bugun kambag'allikni qisqartirish eng avvalo inklyuziv ijtimoiy siyosatni ilgari surish, kambag'al aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlarda (ta'lim, tibbiyot) keng foydalanish imkoniyatini yaratish orqali erishilishini hukumat yaxshi anglab yetgan.
Iqtisodiy jihatdan nochor fuqarolar uchun teng huquq va imkoniyatlarni yaratish, barchaga o'z potensialini ro'yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat rahbarining saylov dasturida eng asosiy yo'nalishlaridan biri sifatida aks etgani ham bejiz emas.
Shu bilan birga, kambag'al fuqarolarga nisbatan kamsitishlarni oldini olishda davlat bilan jamiyat ham birdek mas'ul ekanligini unutmasligimiz kerak. Bunda kambag'allik bilan bog'liq streotiplarga qarshi turish, shuningdek, jamiyatni boshqa vakillari orasida kambag'al shaxslarga nisbatan hamdardlik va tushunish (empatiya)ni yoyish muhim. Zero, jamiyatdagi turli iqtisodiy qatlamlar o'rtasidagi ijtimoiy hamjihatlik va barqarorlik hammamizning farovonligimiz uchun kerak.
P.S. Deputatlar haqidagi gapga kelsak, men uni o'z fikrimni tushuntirish uchun oddiy bir misol tarzida ishlatgandim. Ya'ni deputatlarning katta qismi ahmoq bo'lmaganidek, kambag'allarning ham ko'pi dangasa emas ma'nosida.
Lekin hech bir sobiq yoki amaldagi deputatni to'g'ridan-to'g'ri ahmoqlikda ayblamagandim. Agar kimdir bu gapimdan o'zini ahmoq deb haqoratlangan his etgan bo'lsa, demakki gaplarimni o'zlarining tasavvurlariga moslab olishgan xolos.