22K21Telegramda ochish

Mirkonomika kanalidan

Birinchi yarim yillikda Joriy hisoblar balansida defitsitning keskin o’sishi zaxiralarni 2 mlrd dollarga qisqartirishiga sabab bo’lgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida, joriy hisoblar balansining defitsiti 3.2 mlrd dollarni tashkil etib, o’tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 5 barobarga oshgan. Agar 2022-yil kutilmagan anomal yil bo’lganligini hisobga olib joriy yildagi defitsitni 2021-yilning mos davri bilan taqqoslasak ko’ramizki, joriy hisoblar balansining defitsiti 2021-yilning mos davridagi darajada shakllangan. Joriy hisoblar balansi defitsitining o’sishi tashqi savdo defitsitining o’sishi(2 mlrd dollar), shuningdek sof birlamchi daromadlarning (647 mln dollar) qisqarganligi bilan izohlanadi. Moliyaviy hisoblar balansida esa joriy yilning birinchi yarmida 1,2 mlrd dollarlik sof oqim kuzatilgan. O’tgan yilning mos davrida bu ko’rsatkich 994 mln dollarni tashkil etgan bo’lsa, 2021-yilning birinchi yarim yilligida qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etgan edi. To’lov balansidan xabardor insonlar bilishadiki, joriy hisoblar balansidagi defitsit moliyaviy hisoblar balansidagi pul oqimiga teng bo’lishi kerak(kapital balans kichik bo’lganligi uchun shunchaki e’tibordan chetda qoldirsa ham bo’ladi). Agar to’lov balansidagi bu ikki hisob bir-biriga teng bo’lmasa, unda asosan xalqaro zaxiralar pozitsiyasida o’zgarish vujudga keladi. Masalan joriy hisoblar balansi defitsiti moliyaviy hisoblar balansining sof oqimidan kattaroq bo’lsa demak, mamlakat joriy hisoblar balansidagi defitsitni qoplash uchun rezervlarining bir qismini ishlatishga majbur bo’ladi (yoki XVJ dan qarz jalb qilinadi). Agar moliyaviy hisoblar balansi yuqoriroq bo’lsa unda xalqaro zaxiralar hajmi oshadi. Masalan, 2022-yilning birinchi yarim yilligida joriy hisoblar balansining defitsiti 637 mln dollarni tashkil etgani holatida, moliyaviy hisobning sof oqimi 994 mln dollarni tashkil etgan. Bu esa, 2022-yilning olti oyida xalqaro zaxiralar hajmining 285 mln dollarga oshishiga olib kelgan Joriy yilning birinchi yarmida esa mamlakatimizda joriy hisoblar balansi defitsiti 3,2 mlrd dollarni tashkil etgani holatida, moliyaviy hisoblardagi sof oqim 1,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Ya’ni to’lov balansida moliyaviy hisoblar balansi bilan joriy hisoblar balansi bir biriga mutanosib emas. Bunday holatda, ya’ni joriy hisoblar balansidagi defitsitning moliyaviy hisoblardagi oqimdan kattaroq bo’lganligi xalqaro zaxiralarning bu davrda 2 mlrd dollarga pasayishiga olib kelgan. @Mirkonomika

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin