29K26Telegramda ochish

Mirkonomika kanalidan

Xalqaro tashkilotlar prognozlari hamda kutilmalarim Xalqaro Valyuta Jamg’armasi(XVJ) joriy yilda mamlakatimiz YAIM hajmi real ko’rsatkichlarda 5,5 foizga o’sishini, Inflyatsiya darajasi 10,2 foizni, joriy hisoblar balansining defitsiti esa 4,3 foizni tashkil qilishini prognoz qilmoqda. Umuman olganda, XVJ, Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning barchasi joriy yilda mamlakatimizda iqtisodiy o’sish 5,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda. Bundan tashqari, kelasi yilda ham 5,5 foizlik o’sish saqlanib qolishini prognoz qilishmoqda (Jahon bankida 5,6 %). Inflyatsiya darajasi bo’yicha yuqorida nomi keltirilgan tashkilotlar joriy yilda 10 foiz atrofidagi yillik o’rtacha inflyatsiya kuzatilishini prognoz qilayotgan bo’lsa, kelasi yilda bu ko’rsatkich joriy yilda kuzatilishi kutalayotgan darajada saqlanib qolishini prognoz qilmoqda. Menimcha, joriy yilda iqtisodiy o’sish nomi keltirilgan xalqaro tashkilotlar prognozlaridan biroz yuqori shakllanadi. Chunki yarim yillikda iqtisodiyotimiz 5,7 foizlik iqtisodiy o’sishga erishdi, hamda bu o’sishning sekinlashishi bo’yicha hech qanday omillar hozircha kuzatilganicha yo’q (energiya mahsulotlariga narxlar oshirilishining joriy yilda ta’siri katta bo’lmaydi). Shu sababli yil so’ngida iqtisodiyotimiz 5,7-5,8 foizlik o’sishga erishsa kerak. Kelasi yilda esa umumiy talabning pasayishi, hamkor davlatlardagi iqtisodiy holat hamda boshqa ko’plab omillar natijasida 5,1-5,3 foiz oralig’idagi o’sishga guvoh bo’lsak kerak. Ya’ni kelasi yilda katta ehtimol bilan xalqaro tashkilotlar prognozlaridan biroz sekin iqtisodiy o’sish kuzatiladi (yana qandaydir qo’shimcha omillar ta’sirida o’sish surati yanada sekinlashishi yoki biroz tezlashishi mumkin). Inflyatsiya darajasi esa, sentabr oyi holatiga 9,2 foizni tashkil etmoqda. Yil yakuniga ko’ra esa katta ehtimol bilan yillik inflyatsiya biroz tezlashib 9,5-9,6 foiz ni tashkil etadi. Kelasi yilda esa narxlar erkinlashtirilishining to’liq ta’siri namoyon bo’ladi (bundan tashqari jismoniy shaxslarga ham narx oshirilishi kutilmoqda). Bu esa kelasi yilda Markaziy bank target ko’rsatkichiga erishishni amalda imkonsiz qilib qo’yadi. Menimcha, inflyatsiya darajasi esa kelasi yilda ham katta ehtimol bilan 9,5-10 foiz oralig’ida shakllanadi.

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin