Iqtisodchi Kundaligi kanalidan
Imtiyozlar, jumladan va ayniqsa OAVlar uchun yaxshi narsa emas.
Imtiyozlar bor raqobatni susaytirishi turgan gap. Albatta soliq yuki koʻpligi — muammo, lekin OAVlar faqat oʻzlari uchun emas, jamiyatdagi barcha faoliyat turlari bilan shugʻullanadigan insonlarga soliqlarni teng va adolatli kamaytirishini soʻrasalar toʻgʻri boʻladi.
Buning natijasida davlat xarajatlari ham kamayishini umid qilsak boʻladi, shunda masala hal boʻladi. Lekin qaytaraman, amalda ishlab tugan OAVlarga soliq imtiyozlarini berish, boshqa barcha faoliyat turlarida amalda ishlayotgan tashkilotlarga soliq imtiyozlari berishga teng- raqobat kamayadi va jamiyat yutqazadi.
Shu maqolani, masalan OAVni oʻrniga “Novvoyxona”, yoki “Sartaroshxona” deb oʻqisak qanday boʻlar edi, agar qoʻshilmasangiz, OAV uchun ham alohida soliq imtiyozlar berilishiga qoʻshilmaslik kerak. Axir non ham yopish ham muhim, lekin nonga imtiyozlar yaxshi narsa emas.
Yana bir narsa: xoʻsh, agar qaysidir faoliyat bilan shugʻullanuvchilarga (bu misolda OAV, lekin ixtiyoriy soha boʻlishi mumkin) nisbatan soliq yuki kamaysa, boshqa joyda oshiriladimi yoki davlat xarajatlari kamaytiriladimi? Agar soliq yuki koʻpaysa, davlat nimadan koʻproq soliq oladi, agar xarajat qisqarsa-chi, aynan nima xarajatlar qisqarishi nazarda tutilgan?
Xulosa shuki, bizda sanoatchilar “sanoat muhim” deb imtiyoz olishadi, transportchilar — “transport muhim” deb imtiyoz olishadi, qishloq xoʻjaligidagilar ham oʻz ishi muhim deb imtiyoz olishadi, quruvchilar ham, IT-dagilar ham shunday deyishadi, hatto banklar ham, koʻpincha, soliq toʻlovchilar hisobidan moliyalashtiriladi va imtiyozlar olishadi.
Men aytmayapman tepadagi sohalardagi har bir korxona imtiyoz oladi deb, lekin ayrimlari oladi. Imtiyozlar aynan shunisi bilan xunuk: bozor qonuniyatlariga zid boʻlgan holda, kimdirga soliq toʻlovchilar hisobidan yordam berib, raqobatni susaytiradi, natijada iqtisodiyot, isteʼmolchi va jamiyat jabr koʻradi.
OAVdagilarni ham tushunaman, ular aytishlari mumkin, nega har sohaga imtiyoz berishsa, boʻlar ekan-ku, lekin aynan ularga kelganda imtiyoz boʻlishi kerak emas deb. Oʻrinli savol bu. Lekin menimcha javobi etik tekislikda yotadi.
Meni o’ta subyektiv nazarimda, OAVlarni maqsadlaridan biri, davlatga xalqni oldidagi burchlari haqida, jamiyatga esa ideallar haqida aytish va takidlashdan iborat. Agar OAVlarni oʻzlari notoʻgʻri, qiyshiq, ya’niki imtiyozli pul taqsimlanishidan manfaatdor boʻlib qolsalar, keyin jamiyatga va davlatga burch va ideallar haqida qanday aytadilar, axir oʻzlari qiyshiq tizimni manfaatdorlari boʻlib qoladilarku?
Albatta bular meni oʻta shaxsiy fikrlarim. Balki noideal dunyoni qanday boʻlsa, shunday qabul qilishim kerakdir.