Uzbekonomics kanalidan
Hech qachon tekin bo'lmagan suv.
Kundalik hayotda “suvtekin” degan ko’p so’zni aytgan yoki eshitgan bo’lsangiz kerak. Biror narsaning narxi arzonligiga ishora qilish uchun “suvtekin” deymiz. Masalan, "Toshkenda taksi narxi chet elga qaraganda suvtekin”, “Kanadada internet suvtekin ekan”, “kartoshka narxi suvtekin bo’lib ketibdi”…
Qarang, suv degan tovarni biz yillar, avlodlar davomida shu qadar ayamay, tejamay va “tekinga” ishlatib kelganmizki boshqa tovar/xizmatlarning narxi arzonligi uchun solishtirma so’z bo’lib qolgan. Faqat Toshkentda yashagan inson uchun suv haqiqatdan ham tekin bo’lib tuyilishi mumkin. Shlangdan suvni oqizib asfaltga har kuni suv sepadigan, mashinasini har kuni yuvadigan, jo’mrakdan suvni oqizib qo’yib tarvuzni muzlatadigan, teshik quvurlardan ichimlik suvi oqib yotishini, ko’chadagi sug’orish tizimidan suv bekorga oqib yotganini ko’rgan odamlar uchun suv rostdan ham tekin bo’lib tuyulishi mumkin. Suvni tejamay isrof qiladiganlar uchun suvning narxi “suvtekin” bo’lishi mumkin. Lekin mamlakatning aksariyat qismida suv kecha, bugun va allaqachon katta muammoga aylanganligi, maktablarda, butun boshli mahallalarda suv yo'qligini bilganingizdan so’ng “suvtekin” degan so'zni kamroq ishlatsangiz kerak.
Gap shundaki, suvni isrof qilish, tejamaslik muammosi bu o’zbekistonliklarning farosati, xulq-atvori, tarbiyasizligi, yoki o’sha bir tiyinga qimmat argument bo'lgan mentalitetida emas. Shartli singapurlik inson o’zbekistonlikdan ko’ra suvni ko’proq tejashining sababi millatlar, xalqlar yoki rivojlashdagi farqda emas. Buning sababi suvning narxi to’g’ri belgilanmaganida, va rag’batlar tizimi noto’g’ri belgilanganida deb o’ylayman.
Birinchidan, yuqorida aytilgan suvni tejamaydigan iste’molchilar xatti-harakatini o’zgartirishi va suvni isrof qilmasliklari uchun ularning qo’liga flaer berib ogohlantirib tashviqot qilsak ham, televizordan ijtimoiy reklamalar qilib, ogohlantiruvchi bannerlar, shiorlar, iltimos va qo’rqitish usullarini qo’llasak ham, maktablarga yangi darslik kiritib ekologiya haqida o’qitsak ham - inson xatti-harakatini sezilarli darajada o’zgartira olmaymiz. Chunki insonlar faqat rag’batlarga qarab qaror chiqaridilar va rag’batlarning o’zgarishiga qarab harakatlarini o’zgartiradilar. Uyida suv hisoblagichi bor, qancha suv ketayotganini bilgan, qancha pul to’layotganini bilgan va suvning narxi aslida “suvtekin” emasligini bilgan insongina suvni tejashni boshlaydi. Suvni tejash, isrofsiz iste'mol qilishga undovlar narxlar tizimi orqali yo'lga qo’yilishi kerak. Bir inson, bir oila yoki daraxt sug’oradigan hokimiyat bo'lsa ham barchasi uchun suv narxi uning asl qiymatini aks ettirishi kerak. Ya'ni narxi qimmat bo'lishi kerak.
Ikkinchidan, infratuzilmaga investitsiyalar deganda ko’zga ko’rinadigan ko’prik va yetti yulduzli mehmonxonalar emas, balki bizga ko’rinmaydigan ichimlik suv quvurlari, inshoatlari, samarali sug’orish tizimlari va xo’jalikda suvdan samarali foydalanadigan texnologiyalarga investitsiyarni muhimroq deb bilishimiz kerak. Texnologiya deganda g’ildirakni ixtiro qilishni emas balki oddiy samarali jo'mraklar va hojatxonagi suv oqish tizimlaridan boshlashni nazarda tutyapman.
Kecha Yuta shtatidagi do’stim eslatib qoldi, yashaydigan shahrim yaqin kelajakda yashashga yaroqsiz bo'lib qoladi deb. U yerda Great Salt Lake degan katta ko’l bor, anchagina qismi qurib qolibdi. Salt Lake City shahar aholisi ichimlik suvi tanqisligi, ekologiya bilan allaqachon to’qnashyapti. NYT kuni kecha maqola va podkast chiqargandi: Atrof-muhit yadroviy bombasi bilan to’qnashayotgan shtat deb. O’zbekistonda ham shunday yadroviy bomba borligini esladim…
Suv faqat atrof-muhit muammosi emas, balki iqtisodiy imkoniyatlarning tengsizligi, qashshoqlik va rivojlanish masalasi. Xulosa o’rnida qo’pol bo’lsa ham aytish kerak, Orol dengizini quritgan mamlakatda unitazlardan ichimlik suvi oqishi umuman mumkin emas.
@uzbekonomics