11K42Telegramda ochish

Iqtisodchi Kundaligi kanalidan

Eng koʻp zarar koʻrgan korxona degani, jamiyatga va iqtisodiyotga eng koʻp zarar olib keldi degani emas. Koʻrgan boʻlsangiz kerak, eng koʻp zarar koʻrgan korxonalar roʻyxati yaqinda eʼlon qilindi. U roʻyxatni koʻrib davlat tasarrufidagi korxonalarga nisbatan notoʻgʻri xulosa qilish mumkin. Masalan, Oʻzbekiston Havo Yoʻllari 755 milliard zarar koʻrgani haqida maʼlumotni eshitib, shu korxona “soliqtoʻlovchilarga va Oʻzbekiston iqtisodiyotiga atigi 755 milliard zarar keltirmoqda” degan yanglish xulosa qilib qoʻyish ehtimoli bor. Aslida olsak, davlat korxonalari va davlatning kuchidan foydalanadigan holda raqobatni cheklaydigan xususiy korxonalarning jamiyatga va iqtisodiyotga zarari, sof “buxgalterlik zarar”dan ancha koʻproq. Bu yerda men shartli aviakompaniya barcha soliqlardan ozod qilingani, yoki 2020-yildagi iqtisodiy inqiroz paytida birinchilardan soliqtoʻlovchilar hisobidan qutqarilganini aytmoqchi emasman. Men iqtisodiy shikast haqida aytmoqchiman. Keling, shartli ravishda avia qatnovlarni olaylik (bu mulohazani umumiylashtirishni oʻquvchiga qoldirdim). Davlat korxonasini manfaatlaridan kelib chiqilgan holda, raqobat sunʼiy ravishda cheklanishini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu degani avia bozoridagi raqobatni sunʼiy cheklanganligi tufayli — qimmatroq narxda bilet olishga majburmiz (qanday qilib cheklashlari haqida mulohaza alohida). Buni bilish uchun, qoʻshni mamlakatlar yoki hatto chet-el mamlakatlaridagi chipta narxlarini koʻrsangiz ham boʻladi. Deylik shu raqobatni cheklovchi sabablar tufayli, bizda biletlar oʻrtacha $100 qimmatroq. Yaʼni agar ochiq bozor boʻlganida, bizdagi oʻrtacha biletlar narxi $100 ga kamroq boʻlar edi degan faraz qilib koʻraylik. Albatta bu raqam gipotetik va oʻta konservativ. Bilasiz, atigi bir ikki yoʻnalish butun aviaqatnovning asosiy ulushini tashkil qiladi va eng ommaviy yoʻnalishda, masalan Rossiyaga uchish uchun, chiptalar narxi qoʻshni mamlakatlarda bizdan koʻra $100 koʻproqqa farq qiladi. Aytmoqchimanki, ochiq bozor boʻlganida, oʻrtacha chipta narxi $100 dan koʻproqqa tushishi mumkin edi, lekin gipotetik misol uchun, shartli konservativ $100 ni olaveramiz. Endi, bizda 5.8 millionta bilet sotiladi deb faraz qilsak (2019), jamiyatga korxonaning birinchi darajali sof iqtisodiy zarari — besh yuz sakson million dollar boʻladi. Bu butun mamlakat byudjetini sal kam 5% atrofida. Va bu raqam atigi birinchi darajali sof iqtisodiy zarari edi. Yaʼni biz, har bir odam qimmatroq narxda bilet olayotganligini sof zararini hisobladik xolos. Yana kamida uch turdagi zarar bor: 1) bilet ola olmagan odamlar 2) bilet olmaganlikni tashqi taʼsirlari (externality) 3) alternativ xarajatlar (opportunity cost). Bilet ola olmaganlar zarari. Albatta Oʻzbekiston boy mamlakat emas, lekin oddiy hisob kitoblar shuni-koʻrsatadiki, bizdek daromadlarga ega boʻlgan mamlakatlarda kishi boshiga uchun soni bizdan oʻrtacha 1.5 barobar koʻproq. Qoʻshni Qirgʻizistonda, kishi boshiga biletlar soni bizdan ancha katta: bizda 0.17, ularda 0.57 (2019-yil maʼlumotlari). Yaʼni agar Oʻzbekistonda qatnovlar soni hech yoʻqsa Qirgʻiziston darajasida boʻlganida bizda 5.8 millionta bilet emas, sal kam 20 millionta bilet sotilishi kerak edi. Yaʼni davlat raqobatni cheklashi natijasida, konservativ hisoblasak, 14 milliondan oshiq boʻlgan parvozlar sodir boʻlmayapti. Qaytaraman, men Qirgʻiziston bilan solishtirdim, Norvegiya bilan emas. Bu sodir boʻlmagan parvozlarni qanchasi albatta sof zarar, lekin tashqi taʼsirlar ham bor, shu sodir etilmagan parvozlarda kelmagan turistlar, tuzilmagan bitimlar va hokazolar yotibdi bular ham ancha katta raqamlar. Xulosa shuki, raqobatni cheklab davlat korxonalarini parvarish qilishimiz oqibatida, ular nafaqat sof buxgalterlik zarar koʻrishadi balki jamiyatga nihoyatda katta iqtisodiy shikast koʻrsatishadi. Masalani shu qiyinlashtiradiki, buxgalterlik zararini koʻra olamiz, hozirgidek 755 milliardgina deya olamiz, lekin asl iqtisodiy shikasti bizga koʻrinmaydi. Lekin u yoʻq degani emas.

Ko‘rsatkichda

Xaritada ko‘rish

Arxivda shunga yaqin